Turkiya Superligasining 33-turi doirasida "Istanbul Bashakshexir" o'z maydonida "Samsunspor"ni qabul qildi. Uchrashuv mezbonlarning 3:0 hisobidagi ishonchli g'alabasi bilan yakunlandi.

Mazkur bahs o'zbekistonlik futbol muxlislari uchun e'tiborli bo'ldi. Mezbonlar safida hujumchi Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushib, to'liq harakat qildi. Hamyurtimiz 6-daqiqada penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochgan bo'lsa, 43-daqiqada jamoadoshiga golli uzatma etkazib berdi.

Shuningdek, "Istanbul Bashakshexir"ning yana bir o'zbekistonlik a'zosi Abbosbek Fayzullaev 70-daqiqada zaxiradan o'yinga qo'shildi va 78-daqiqada raqib darvozasini ishg'ol qilib, yakuniy hisobni o'rnatdi.

Sofascore nashri Shomurodovning o'yinini 7.9 ballga, Fayzullaevning harakatlarini esa 7.4 ballga loyiq ko'rdi.