Shirer Virts va Germaniya terma jamoasini tanqid qildi

Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Alan Shirer Germaniya terma jamoasi va «Liverpul» klubi yarim himoyachisi Florian Virtsni nemislar JCh-2026dan chiqib ketganidan so'ng qattiq tanqid qildi. Ekspertning ta'kidlashicha, 23 yoshli xavbek eng hal qiluvchi pallalarda o'zini ko'rsata olmagan.
«Qog'ozda ularning nomlari va mahorati bor edi, lekin ular maydonda buni ko'rsata olishmadi. Sanega qarang — eng yaxshi mavsumi emas. Jarima maydonchasida kuch bag'ishlash uchun maydonga tushirishga majbur bo'lingan Undav. Virts «Liverpul»da juda yomon mavsumni o'tkazdi va bu jahon chempionatida ham o'zining haqiqiy darajasini namoyish eta olmadi. Ularda klass bor deb aytish mumkin, lekin aslida hech qanday klass ko'rinmadi. Biz ularning Kyurasao darvozasiga ettita gol urganini ko'rdik — mayli, bu ajoyib. Ammo vaziyat haqiqatan ham jiddiy tus olganda, sifatdan asar ham qolmadi», — deya Shirerning so'zlarini keltiradi Daily Mirror nashri.
Germaniya jahon chempionatlari tarixida ilk bor penaltilar seriyasida mag'lubiyatga uchradi. Musobaqaning 1/16 finalida Paragvayga imkoniyatni boy bergan (1:1, penaltilar bo'yicha — 3:4) nemislar turnirni erta tark etishdi. Virts ushbu bahsda Kay Xavertsga golli uzatma etkazib berdi, ammo bu yakunda jamoani qutqarib qolish uchun etarli bo'lmadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar