O'tmishning mashhur futbolchisi Andrey Shevchenko hozirda Ukraina futbol assotsiatsiyasi (UFA) prezidenti sifatida faoliyat yuritmoqda. Shevchenkoning so'zlariga ko'ra, u FIFA prezidenti Janni Infantino bilan suhbatlashgan va undan Rossiyaga qo'yilgan futbol sanktsiyalarini olib tashlash masalasi hozirda ko'rib chiqilmayotganini bilib olgan.

Shu bilan birga, Shevchenko qachondir Rossiya jamoalari rasmiy musobaqalarga qaytishi mumkinligini istisno etmadi.

«Agar rossiyaliklar qaytadigan bo'lsa — bizda harakatlar rejasi bor, lekin keling, shoshilmaylik. Agar bizga nimadir tahdid soladigan vaziyat yuzaga kelsa, unda harakat qilamiz», — deya Shevchenkoning so'zlarini keltiradi «Chempion» nashri.

Ma'lumki, UEFA va FIFA Rossiya futbol ittifoqiga (RFI) nisbatan to'rt yildan ko'proq vaqt oldin sanktsiyalar joriy qilgan edi. Ko'rinishidan, yaqin kelajakda bu sanktsiyalar bekor qilinmaydi. Rossiya terma jamoasi hozirda faqat o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazish bilan cheklanmoqda.