Mavsum davomida «PSJ»ning ikkinchi raqamli darvozaboniga aylanib qolgan frantsiyalik posbon Lyuka Shevale, rossiyalik Matvey Safonov bilan raqobatda yutqazgani sababli jamoani tark etishi mumkin.

RMC Sport nashrining xabar berishicha, agar Parij grandidagi mavqei o'zgarmasa, darvozabon klubni almashtirishga tayyor. Shevaleda Angliya Premer-ligasida faoliyatini davom ettirish varianti mavjud. Frantsiyalik futbolchiga APLda jon saqlab qolish uchun kurashayotgan Londonning «Tottenxem» klubi qiziqish bildirmoqda.

Joriy mavsumda Lyuka 26 ta o'yinda maydonga tushib, 28 ta gol o'tkazib yubordi. O'nta uchrashuvda u o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Shevalening «PSJ» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil iyun oyi oxirigacha mo'ljallangan. Darvozabonning bozor qiymati 30 million evroga baholanmoqda.