Gonkongda shahrida shaxmatning Rapid va Blits yo'nalishlarida Jamoalar o'rtasida jahon chempionatida o'tkazildi.

Rapid yo'nalishida O'zbekiston jamoasi 8-o'rinni qo'lga kiritgan bo'lsa, blits yo'nalishida shaxmatchilarimiz bronza medallariga sazovor bo'lishdi.

Blitsda 47 jamoa 4 ta guruhga bo'lingan holda bahslarni boshlashdi. "C" guruhida ishtirok etgan O'zbekiston 2-o'rin bilan pley-offga chiqdi. Jamoamiz nimchorak finalda Ozarboyjonning "Odlar Yurdu" jamoasi ustidan qiyinchilik bilan g'alabaga erishdi — 3:3 va 4:2.

Chorak finalda esa jamoamizga Magnus Karlsen boshchiligiagi WR Chess jamoasi raqiblik qildi. Bu bahsda ham O'zbekiston qiyin g'alabani qo'lga kiritdi — 3:3 va 3,5:2,5.

Afsuski, Abdusattorov boshchiligidagi shaxmatchilarimiz yarim finalda Xitoyning "Dragon Chilling" jamoasiga imkoniyatni boy berdi — 1,5-4,5, 4,5 - 1,5 va 1,5-4,5.

Bronza medali uchun "Hexamind Chess Team"ga qarshi kechgan 2 partiyadan iborat bahslarda tomonlar bir martadan g'alaba qozonishdi. Hal qiluvchi tay-breyk bahsida hamyurtlarimiz ishonchli o'yin namoyish etib, raqibini 5,5:0,5 hisobida mag'lub etdi. Ushbu natija orqali jamoamiz uchinchi o'rinni egallab, 30 ming evro miqdoridagi pul mukofotini ham qo'lga kiritdi.

Musobaqa g'olibligini «Dragon Chilling» jamoasi qo'lga kiritdi. Chempionlar 75 ming evro mukofot bilan taqdirlandi. Ikkinchi o'rin esa «Endgame AI» jamoasiga nasib qildi va ular 50 ming evro ishlab olishdi.

Shuningdek, o'zbekistonlik shaxmatchilar shaxsiy ko'rsatkichlar bo'yicha ham bir qator medallarni qo'lga kiritishdi.

1-taxtada harakat qilgan Nodirbek Abdusattorov 19 partiyada 15,5 ochko to'plab, 2936 reyting performansi bilan oltin medalga sazovor bo'ldi.

6-taxtada o'ynagan Umida Omonova 12 partiyadan 9 ochko jamg'arib, kumush medalni qo'lga kiritdi. Shuningdek, 8-taxta vakili Akjol Rahmatullaev ham 21 partiyada 14,5 ochko to'plab, kumush medal sohibiga aylandi.

5-taxtadagi Shamsiddin Vohidov esa 15 partiyada 8,5 ochko jamg'arib, bronza medalga munosib ko'rildi.

Shu tariqa, O'zbekiston jamoasi musobaqani umumiy bronza va to'rtta shaxsiy medal bilan yakunladi.

Manba: Stadion.uz