AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi Sharlott shahrida o'tkazilgan Naroditsky Memorial Rapid & Blitz musobaqasining rapid yo'nalishida g'oliblikka erishgan Sindarov nufuzli musobaqaning blits bahslarida ham muvaffaqiyatga  erishdi.

Joriy yilgi Jahon shaxmat toji uchun amaldagi jahon chempioni hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahsga hozirlik ko'rayotgan O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov dastlab shveytsarcha tizimda o'tkazilgan blits bahslarda 11 ta turdan keyin 7,5 ochko to'plab, 9-o'rinni egallagan holda final bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Muhiddin Madaminov esa 8 ochko bilan 2-o'rinni band etgan holda final bosqichiga chiqdi.

Final bosqichida esa jami 10 nafar shaxmatchi ishtirok etdi. Sindarov 9 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg'arib, chempionlikni qo'lga kiritdi. So'nggi turda reytingda o'zidan yuqorida turgan amerikalik Hikaru Nakamura bilan durangga imzo chekdi.

Amerikalik Uesli So 7 ochko bilan ikkinchi o'rinni band etgan bo'lsa, 6 ochkoga ega yana bir mezbon shaxmatchi Etan Shixan 3-o'rin sohibi bo'ldi.

Blits bahslaridagi chempionlik evaziga Sindarov 6 000 AQSh dollari miqdoridagi bosh mukofotga ega chiqdi. Ushbu musobaqada qatnashgan yana bir o'zbekistonlik shaxmatchi Muhiddin Madaminov 4,5 ochko bilan 6-o'rinni egalladi.

Eslatib o'tamiz, Amerikalik grossmeyster, sharhlovchi va strimer Daniel Naroditski xotirasiga bag'ishlangan musobaqaning rapid yo'nalishida Javohir Sindarov etti tur yakuniga ko'ra 6 ochko jamg'arib, hindistonlik grossmeyster Aravind Chitambaram bilan birinchi o'rinni bo'lishdi. G'olib nomi blits tay-breyk orqali aniqlandi va unda o'zbekistonlik shaxmatchi raqibini har ikki partiyada ham mag'lub etib, 2:0 hisobida zafar quchgan edi.

Manba: Stadion.uz