"Sevilya" prezidenti Xose Mariya del Nido Karrasko 10 sentyabr, chorshanba kuni bo'lib o'tgan Batista Mendi va Fabio Kardozo taqdimotida klubning iqtisodiy ahvoli haqida gapirdi.

"Klubning iqtisodiy ahvoli yaxshilanmoqda, sof qarzimiz 66 million evroga tushdi. Ettita o'yinchi ketdi va beshtasi keldi. Yangi futbolchilarni o'z safiga qo'shib olishda yordam berish uchun shartnomalarini o'zgartirishga qaror qilgan uch futbolchi - Jibril Sou, Adnan Yanuzay va Markoga omma oldida hurmat bajo keltirmoqchiman.

2025 yil 1 sentyabr holatiga ko'ra, qarz miqdori 66 million evroni tashkil etadi. Bu bizga klub to'lov qobiliyatiga ega ekanligini ta'kidlash imkonini beradi," - deya Karraskoning so'zlarini keltiradi SevillaVA.

Shuningdek, prezident "Sevilya" ketma-ket ikki mavsum evrokuboklarda ishtirok etmaganini, bu esa moliyaviy ahvolga putur etkazganini eslatdi.

Ikki yil oldin "Sevilya"ning sof qarzi 200 million evrodan oshgandi.