Senegal terma jamoasi bosh murabbiyi Pap Tiav Afrika Millatlar Kubogi finalida texnik mag'lubiyat yozilgani borasida o'z fikrlarini bildirdi.

Avvalroq Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) Marokashning apellyatsiyasini qanoatlantirgan va 98-daqiqada Braim Diasga ishlatilgan fol uchun belgilangan penaltidan so'ng maydonni tark etgani uchun Senegalga 0:3 hisobidagi texnik mag'lubiyat yozgan edi. Senegalliklar ushbu qaror yuzasidan Sport arbitraj sudiga (CAS) shikoyat qilishgan.

«Men bu savolga javob bermayman deb o'ylagandim, chunki bor e'tiborim ishimga qaratilgan. Eng muhimi — chalg'imaslik. Biz Afrika chempioni ekanligimizni bilamiz.

Boshqa sovrinlarni qo'lga kiritish uchun ishlashda davom etamiz. Bizning fikrimiz aniq: musobaqalar va kuboklar maydonda yutiladi. Biz buni uddaladik, biz — Afrika chempionlarimiz», — dedi Tiav.