Sen-Maksimen MLSga yo'l oldi: Unga yangi jamoa topildi

Hujumkor yarim himoyachi Allan Sen-Maksimen faoliyatini okean ortida davom ettiradi. 29 yoshli futbolchi AQShning «Sharlott» klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzolash borasida kelishuvga erishdi.
Frantsiyalik o'yinchi yangi jamoasiga erkin agent maqomida o'tmoqda. Sen-Maksimen uch yillik shartnomaga imzo chekadi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Yakunlangan mavsumda Allan Frantsiya chempionatida «Lans» sharafini himoya qildi. U 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 3 ta gol va 3 ta golli uzatmani yozdirib qo'ydi. Sen-Maksimen faoliyati davomida «Nyukasl», «Fenerbaxche», «Amerika» va «Al-Ahli» kabi jamoalarda o'ynagani bilan ham tanilgan.