Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Dani Sebalos faoliyatini boshqa jamoada davom ettirishga hozirlik ko'rmoqda. Ispaniyalik futbolchining «qirollik klubi» bilan amaldagi shartnomasi bir yildan keyin o'z yakuniga etadi, biroq u yozgi transferlar oynasidayoq jamoadan ketishga qaror qilgan.

Jurnalist Nikolo Skiraning xabar berishicha, 29 yoshli futbolchiga «Betis» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda va tomonlar allaqachon muzokaralarni boshlab yuborishgan. Eslatib o'tamiz, Dani Sebalos o'z faoliyatini aynan «Betis»da boshlagan. 2017 yilda sevilyaliklar o'z tarbiyalanuvchisini 16,5 million evro evaziga «Real»ga sotishgan edi. Umuman olganda, yarim himoyachi Madrid klubi safida barcha turnirlarda 215 ta uchrashuv o'tkazdi, joriy mavsumda esa maydonga 23 bor tushdi.