Saybarining transferi Erediviziya tarixidagi eng qimmat top-5 talikka kirishi mumkin

Marokashlik yarim himoyachi Ismael Saybari Myunxenning «Bavariya» klubiga o'tish arafasida turibdi. Bir qator insayderlarning xabar berishicha, ushbu kelishuv 55 million evroga tushadi va bu transfer liga tarixidagi eng qimmat beshta sotuvdan biriga aylanadi.
Rekord braziliyalik vinger Antoniga tegishli bo'lib, u 2022 yilda «Ayaks»dan «Manchester Yunayted»ga 100 million evro evaziga ko'chib o'tgan edi. Ikkinchi o'rinda Frenki de Yongning 2019 yilda 86 million evro evaziga «Barselona»ga sotilishi qayd etilgan bo'lsa, kuchli uchlikni Amsterdam klubining yana bir vakili Matteys de Ligt yakunlab beradi — u o'sha yili 85 million evro evaziga «Yuventus»ga yo'l olgandi. To'rtinchi pog'ona Lisandro Martinesga tegishli (2022 yilda «Ayaks»dan «Manchester Yunayted»ga 57 million evroga o'tgan), beshinchi o'rinni esa, yuqorida ta'kidlanganidek, Ismael Saybari egallaydi.
Shuningdek, kuchli o'nlikdan Kodi Gakpo (2023 yilda PSVdan «Liverpul»ga 49 million evro), Yorrel Xato (2025 yilda «Ayaks»dan «Chelsi»ga 44 million evro), Muhammad Kudus (2023 yilda «Ayaks»dan «Vest Xem»ga 43 million evro), Davinson Sanches (2017 yilda «Ayaks»dan «Tottenxem»ga 42 million evro) va Irving Losanoning (2019 yilda PSVdan «Napoli»ga 40 million evro) transferlari joy olgan.