Saudiya klubi Fernandesh bilan bog'landi. Bu safar «Al-Hilol» emas

"Manchester Yunayted" sardori Brunu Fernandesh yana "Al-Ittihod" qiziqishlari doirasiga kirib qoldi. Saudiya klubi portugaliyalik yarim himoyachi bilan aniq muzokaralarni boshladi, deb xabar bermoqda Transfer News Live Saudiya Arabistonidagi manbalariga tayanib. Muhokamalarning muvaffaqiyatli yakunlanish ehtimoli kam: avvalroq o'yinchi bir necha bor takliflarni rad etgan va yaqin kelajakda "qizil iblislar" safini tark etmoqchi emasligini bildirgan.
Sentyabr oyi boshida Brunu Fernandesh 31 yoshga to'ladi. Xavbekning transfer narxi Transfermarkt portali tomonidan 50 mln evroga baholanmoqda.
Bugun Ruben Amorim jamoasi Premer-liga 2-turida "Fulxem"ga qarshi bahs olib boradi.