Samarqandda o'zbek futboli yulduzlari ishtirokida xayriya uchrashuvi o'tkaziladi

Ertaga, 6 sentyabr, shanba kuni Samarqandda «Dinamo» jamoasi faxriy o'yinchilari va O'zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchilari ishtirokida katta xayriya o'yini o'tkaziladi.
Xabaringiz bor, «Dinamo» jamoasining afsonaviy hujumchisi tojikistonlik Muhsin Muhammadiev yil boshida bir necha marta insultni boshdan kechirdi. O'zbek futbolida goleador hujumchi va murabbiy sifatida nom qoldirgan 58 yoshli mutaxassis so'nggi bir necha oydan buyon Moskvadagi shifoxonada og'ir xastalik bilan kurashmoqda va uning tuzalib, tiklanishi uchun murakkab jarrohlik amaliyotlari zarur.
Muhsin Muslimovichni ruhan va moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida o'zbek futboli yulduzlaridan iborat O'zbekiston milliy terma jamoasi sobiq o'yinchilari hamda «Dinamo»ning faxriy o'yinchilari o'rtasida «Muhsin, biz sen bilan» shiori ostida Samarqandda xayriya o'yini tashkil etilmoqda. 6 sentyabr, shanba kuni soat 17:00da san'atkorlar ishtirokida kontsert dasturi, soat 18:00da esa katta xayriya uchrashuvi boshlanadi! Stadionga kirish chiptasi narxi – 20 ming so'm!
O'yingohga keling va «Dinamo» afsonasi Muhsin Muhammadievni qo'llab-quvvatlab, xayrli ishga hissangizni qo'shing! Chiptalar sotuvidan tushgan mablag' to'liq Muhsin Muhammadievga etkaziladi.
Xayriya uchrashuvi. 6 sentyabr (shanba)
«Dinamo» faxriylari – O'zbekiston MTJ faxriylari
Samarqand, “Dinamo” stadion.
Kontsert boshlanishi: 17:00
O'yin boshlanish vaqti: 18:00.