Saliba: «Frantsiya – jahon chempionati favoriti emas»

Frantsiya terma jamoasi markaziy himoyachisi Vilyam Saliba jahon chempionati guruh bosqichi birinchi turida Senegal ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng intervyu berdi. Frantsuzlar Kilian Mbappening dubli va Bredli Barkolaning aniq zarbasi evaziga ustun kelishdi. Barcha gollar ikkinchi bo'limda kiritildi.
«Imkoniyatlarimiz? Biz jahon chempionati favoriti emasmiz. G'alabaga da'vogar bo'lgan ko'plab jamoalarni sanab o'tish mumkin. Bizda yaxshi imkoniyatlar bor, lekin kubokni qo'lga kiritishni istasak, hammani mag'lub etishimiz kerak», – dedi «uch ranglilar»ning boshlang'ich tarkibida maydonga tushgan Saliba jurnalistlar bilan suhbatda.
Dide Desham shogirdlari ikkinchi turda Iroq terma jamoasi bilan to'qnash kelishadi, guruh bosqichining yakuniy o'yinida esa Norvegiyaga qarshi bahs olib borishadi.