“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ruben Amorim Angliya Premer Ligasi 5-turida “Chelsi”ga qarshi bo'ladigan navbatdagi o'yin oldidan jamoaning hozirgi holati haqida fikr bildirdi. O'tkazilgan matbuot anjumanida portugaliyalik mutaxassis jamoaning asosiy muammolariga to'xtaldi. Unga ko'ra, mankunianliklar yomon o'yin ko'rsatmayapti, biroq asosiy muammo hujumlarni samarali yakunlay olmaslikda.

"Bu vaqt davomida avvalgi va kelgusi o'yinlarni tahlil qilish, shuningdek, turli sxemalarni ko'rib chiqdik. Menimcha, biz raqibning jarima maydonida etarlicha faol harakat qilmoqdamiz. Biroq gollar etishmayapti. Zarbalar soni, "xG" (kutilgan gollar) ko'rsatkichlari yomon emas. Biroq gol ura olmasak, bu raqamlarning foydasi bo'lmaydi. Oxirgi o'yinda biz oson gollar o'tkazib yubordik. Endi ko'proq tajovuzkor o'ynashimiz kerak. Uslubimizni saqlagan holda, ikkala jarima maydonida ham yaxshiroq harakat qilishga harakat qilyapmiz. Aynan shu ustida ko'proq ishlamoqdamiz", — deydi Amorim matbuot anjumanida.​

Eslatib o'tamiz, “Manchester Yunayted” va “Chelsi” o'rtasidagi uchrashuv 20 sentyabr, shanba kuni bo'lib o'tadi. Ayni paytda “qizil iblislar” Angliya Premer Ligasi turnir jadvalida 4 ochko bilan 14-o'rinni egallab turibdi.

Manba: daryo.uz