Rossiyalik sharhlovchi O'zbekiston terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionati finalida ko'rishni kutmoqda

Mashhur teleboshlovchi Dmitriy Guberniev O'zbekiston terma jamoasi 2026 yilgi mundialda guruhdan chiqish imkoniyatiga ega ekaniga ishonch bildirdi.
«Bundan ham ortig'i, menimcha, ular mundial finalida o'ynashlari ham mumkin — hamma narsa bo'lishi mumkin. Shaxsan men ushbu terma jamoaga muxlislik qilaman. Finalda O'zbekiston — Niderlandiya uchrashuvini kutyapman», — deya taniqli sharhlovchining so'zlarini keltiradi «RB Sport» portali.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixida ilk bor jahon chempionatining final bosqichiga yo'l oldi. Jamoa K guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR terma jamoalari bilan raqobatlashadi.
Mundialdagi ilk uchrashuvini O'zbekiston 18 iyun kuni kolumbiyaliklarga qarshi o'tkazadi.