Rossiyalik jurnalist Abbosbek Fayzullaevni «PSJ» yulduzi Joau Nevesh bilan taqqosladi

Rossiyalik jurnalist Valeriy Polevikov o'zining «Semnadtsatiy nomer» telegram kanalida O'zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaevning JCh-2026da Kolumbiya darvozasiga urgan tarixiy goli haqida fikr bildirdi.
Ma'lum bo'lishicha, Fayzullaev jahon chempionatlari tarixida bosh bilan gol urgan eng past bo'yli futbolchiga aylandi. Uning bo'yi 167 santimetrni tashkil etadi.
«Fayzullaev jahon chempionatlari tarixida bosh bilan gol urgan eng past bo'yli futbolchi (167 sm) bo'ldi. Ma'lum bo'lishicha, Abbosbek uchun bu odatiy holat: u faoliyati davomida bosh bilan sakkizta gol urgan, hatto bir o'yinda dubl ham qayd etgan.
Past bo'yli futbolchilar uchun bosh bilan gol urish qiyinroq. Ammo hamma narsa bo'yga bog'liq emas. Birinchi navbatda to'g'ri pozitsiya tanlash va raqibdan oldin harakat qilish muhim. Ikkinchidan, zarbaning aniqligi va sakrovchanlik ahamiyatga ega. Masalan, Joau Nevesh ham shu jihatlari bilan ko'p gol uradi», — deb yozdi jurnalist.
Eslatib o'tamiz, Abbosbek Fayzullaev Kolumbiyaga qarshi bahsda O'zbekiston terma jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi ilk goliga mualliflik qildi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar