«Chelsi» Premier-liganing oxirgi to'rtta o'yinida bironta ham gol ura olmasdan mag'lubiyatga uchradi. Natijada, «aristokratlar»ning Chempionlar ligasiga yo'llanma olish imkoniyatlari keskin kamayib ketdi — londonliklar kuchli beshlikdan etti ochko orqada qolishmoqda.

The Touchline nashrining xabar berishicha, yanvarda jamoani qabul qilib olgan bosh murabbiy Liam Rosenorga nisbatan kiyinish xonasidagi ishonch pasaymoqda. Jamoaning bir nechta asosiy futbolchilari klubga tajribaliroq murabbiy kerak deb hisoblashmoqda.

Ushbu o'yinchilar hali ham klub rahbariyatining Entso Mareskani ishdan bo'shatish haqidagi qaroridan norozi. Eslatib o'tamiz, «Chelsi» Mareskani aynan Yangi yil kuni — 1 yanvarda iste'foga chiqargan edi.

«Chelsi» navbatdagi o'yinini ertaga, 21 aprel kuni safarda «Brayton»ga qarshi o'tkazadi.