Ronaldino nima uchun futbol tomosha qilmasligini aytdi

«Barselona»ning sobiq yulduzi Ronaldino futbol uchrashuvlarini boshidan oxirigacha tomosha qilishni yoqtirmaydi. Braziliyalik afsona o'z pozitsiyasini tushuntirib berdi. Ronaldinoning so'zlariga ko'ra, bir yarim soatlik o'yin — bu juda ko'p.
«Menga futbol tomosha qilish yoqmaydi. Faqat eng sara vaziyatlarni ko'rish men uchun qiziq. 90 daqiqa — bu haddan tashqari ko'p. Agar bu final yoki derbi bo'lmasa, tomosha qilmayman, menga bu yoqmaydi. Asabiylasha boshlayman. "Qanday qilib bu futbolchi bunday pas berishi mumkin?" deb o'ylayman va jahlim chiqadi», — deya Ronaldinoning so'zlaridan iqtibos keltiradi Transfer News Live.
Eslatib o'tamiz, Ronaldino 2005 yilda «Oltin to'p» sohibi bo'lgan. Evropadagi faoliyati davomida braziliyalik futbolchi uchta mamlakatda — «PSJ», «Barselona» va «Milan» klublarida to'p surgan.