Romano Sebalosning "Real"dan "Yuventus"ga o'tishi haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi

Madridning "Real" klubi yarim himoyachisi Dani Sebalosni hamon klubni tark etishi bilan bog'lashmoqda.
29 yoshli futbolchi uchun asosiy da'vogar "Betis" ekani aytilgandi, ammo kuni kecha sevilyaliklar xavbekni ortga qaytara olmasligi ma'lum bo'ldi. Sebalosni o'z tomoniga og'dirmoqchi bo'lganlar orasida "Yuventus" ham bor edi. Jurnalist Fabritsio Romanoning yozishicha, "keksa sinora" futbolchi bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmayapti - u bo'yicha hech qanday muzokaralar olib borilmayapti.
Dani Sebalos "Real" safida 2017 yildan buyon to'p surib kelmoqda. Ispaniyalik futbolchining "qirollik klubi" bilan shartnomasi 2027 yilning yarmigacha amal qiladi va uning transfer narxi Transfermarkt portali mutaxassislari tomonidan 10 mln evroga baholanmoqda.