Romano Akandjining kelajagi borasidagi tafsilotlarni ochiqladi

«Inter» markaziy himoyachi Manuel Akandjini «Manchester Siti»dan 15 million evro evaziga sotib oladi. Barcha rasmiyatchiliklar may oyida hal qilinadi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano o'zining X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida xabar bermoqda.
Shveytsariyalik futbolchi joriy mavsum boshida «neradzurri» safiga ijara asosida o'tgan edi. Ushbu davr mobaynida himoyachi barcha turnirlarda 42 ta o'yinda ishtirok etib, 2 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi.
Futbolchining ingliz klubi bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo'ljallangan. Transfermarkt portali ma'lumotlariga ko'ra, Akandjining bozor qiymati 18 million evroni tashkil etadi.