Rodrigo "Real" safida 29 o'yindan beri gol ura olmayapti

Madridning "Real" klubi vingeri Rodrigo bu safar ham gol ura olmadi. Braziliyalik futbolchi La Liganing "Elche"ga qarshi o'yinida asosiy tarkibda maydonga tushdi, biroq 57-daqiqadayoq Vinisius Juniorga almashtirildi.
StatMuse xabariga ko'ra, Rodrigo "qaymoqranglilar" safida barcha musobaqalarda ketma-ket 29 ta o'yinda maydonga tushib, birorta ham gol ura olmagan. O'yinchining so'nggi gol urishi mart oyi boshiga to'g'ri keladi - o'shanda Karlo Anchelotti boshchiligidagi jamoa Chempionlar ligasida "Atletiko" bilan to'qnash kelgandi.
Qayd etish kerakki, Rodrigo har doim ham asosiy tarkibda maydonga tushavermaydi - Xabi Alonso ko'pincha uni o'yin oxiriga yaqin zaxiradan maydonga tushiradi.