Rikelme Valverde va Tchuameni o'rtasidagi janjal haqida: «Tizimda nimadir noto'g'ri»

«Real Madrid» prezidentligiga nomzod Enrike Rikelme Federiko Valverde va Orelen Tchuameni o'rtasidagi mojaro haqida o'z fikrlarini bildirdi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq madridliklar futbolchilari 7 may kuni mashg'ulot chog'ida mushtlashib ketgani, oqibatda urugvaylik futbolchi bosh miya jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgani va unga chok qo'yilgani haqida xabar berilgan edi. Futbolchilar o'rtasidagi ziddiyat undan bir kun avval boshlangan. Klub rahbariyati har ikkala futbolchini 500 ming evro miqdorida jarimaga tortgan.
— «Real»ning kiyinish xonasidagi muhit buzilganmi?
— Men bilmayman, chunki men u erda emasman. «Mushtlashuvlar bo'lib turadi, lekin ma'lumotlar tashqariga chiqib ketishi normal holat emas», deyishdi. Menimcha, muammo ma'lumotlarning sizib chiqishida emas. Muammo shundaki, bunday vaziyatlar yuzaga kelyapti va kiyinish xonasida buni normal holat sifatida qabul qilishmoqda. Tizimda nimadir noto'g'ri. Shuning uchun ham biz sport va moliyaviy barcha jabhalarni professional darajaga olib chiqishimiz kerak. Har bir bo'limida o'z ishining ustalari ishlaydigan, aniq ierarxiyaga ega va bu ierarxiyaga hurmat bilan qaraydigan professional klubda bunday holat yuz bermasligi kerak.
— Ya'ni, siz ierarxiyaga rioya qilinmayotganini aytmoqchimisiz?
— «Real» muxlisi sifatida shuni ayta olamanki, hozirgi kunda klubga ierarxiya, professionallar, qadriyatlar va haqiqiy «Real» ruhi etishmayapti. Bularning barchasi yo'q.
— Valverde va Tchuameni o'rtasidagi mushtlashuv holatini qanday hal qilgan bo'lardingiz?
— Men bu mojaroning tafsilotlarini bilmayman. Men faqat matbuotda tarqalgan gap-so'zlardan xabardorman va ularning barchasi haqiqat ekanligiga ishonchim komil emas. Barcha tafsilotlarni va voqeaning oldi-ortini bilmasdan turib, o'z fikrimni bildirish uchun menda etarli ma'lumot yo'q, — dedi Rikelme.