«Barselona» vingeri Markus Reshford «El-Klasiko»dagi g'alabadan so'ng intervyu berdi. Xans-Diter Flik jamoasi o'z maydonida Madridning «Real» klubini mag'lub etib, mavsum yakunlanishiga uch tur qolganda La Liga chempionligini naqd qildi.

«Men «Barselona»ga aynan shuning uchun kelgandim. Mana shunday lahzalar uchun!» – dedi uchrashuv yakunlangach 28 yoshli ingliz futbolchisi.

Reshford bahs qahramonlaridan biriga aylandi: u 9-daqiqada jarima zarbasidan Tibo Kurtua darvozasini ishg'ol qilib, hisobni ochdi. Ko'p o'tmay, Ferran Torres yakuniy natijani belgiladi – 2:0.

Reshfordning «Barselona» bilan ijara shartnomasi yozgacha amal qiladi. Futbolchining transfer huquqi hamon «Manchester Yunayted»ga tegishli.