Payshanba kechqurun "Barselona" Ispaniya La Ligasida "Real Ovedo"ga safar o'yinini o'tkazdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda kataloniyaliklar hujumchisi Markus Reshfordga nisbatan tomoshabinlar tribunadan irqchilik asosidagi haqoratlar yangrayotgani aks etgan videolar paydo bo'ldi.

"Real Ovedo"ga qarshi o'yinda "Barselona" dastlab o'z darvozasidan to'p o'tkazib yubordi. Biroq, Xans-Diter Flik jamoasi ikkinchi bo'limda uchta gol bilan javob qaytarib, 3:1 hisobida g'alaba qozondi. "Ko'k-anorranglilar" safida Erik Garsiya, Robert Levandovski va Ronald Arauxo gol urdi.

"Barselona" keyingi o'yinini 28 sentyabr yakshanba kuni o'z maydonida "Real Sosedad"ga qarshi o'tkazadi.