«Real» yangi transferlar uchun yulduz futbolchisini qurbon qilishi mumkin

Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Orelen Tchuamenining ehtimoliy transferiga oid yangi tafsilotlar ma'lum bo'ldi.
Avvalroq «Manchester Yunayted» futbolchiga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgan edi. Jurnalist Ben Jeykobsning so'zlariga ko'ra, hozircha «qaymoqranglilar» frantsiyalik futbolchini sotishga rozi bo'lishi bo'yicha aniq kafolatlar yo'q. Klub hatto u bilan shartnomani uzaytirish variantini ham ko'rib chiqishi mumkin.
Biroq «qirollik klubi» yozgi transfer oynasida yarim himoya chizig'ini kuchaytirish niyatida va buning uchun qo'shimcha mablag' zarur bo'ladi. Madridliklarning asosiy nishonlari qatoridan «Manchester Siti» a'zosi Rodri va «Chelsi» vakili Entso Fernandes o'rin olgan. Hozirda «Real» Tchuamenini 80 million evrodan (70 mln funt) ko'proqqa baholamoqda.
«Manchester Yunayted» uchun esa Kazemiro ketganidan so'ng «oltilik» pozitsiyasini to'ldirish ustuvor vazifaga aylangan. Mankunianliklarning qiziqishlar doirasi ancha keng:
-
Asosiy nishonlar: Tchuamenidan tashqari, «Nottingem Forest» vakili Elliot Anderson (unga «Man Siti» ham da'vogar) va «Nyukasl» a'zosi Sandro Tonali. Ammo italiyalik futbolchining narxi va maoshi «MYu» uchun qimmatlik qilishi mumkin.
-
Boshqa nomzodlar: Klub ro'yxatida shuningdek, Karlos Baleba («Brayton»), Adam Uorton («Kristal Pelas»), Joao Gomes («Vulverxempton»), Aleks Skott, Tayler Adams (ikkalasi — «Bornmut»), Anjelo Shtiller («Shtutgart») va Ederson Lourenso («Atalanta») kabi nomlar bor.
Tchuameniga yaqin manbalarning ta'kidlashicha, futbolchining o'zi hozirda Madrid klubidagi faoliyatidan mamnun. Bu transfer amalga oshishi «Real»ning yangi xaridlar uchun mablag'ga qanchalik muhtojligiga bog'liq bo'ladi.