«Real» yangi mavsum uchun asosiy libosini taqdim etdi (foto)

«Real» Adidas bilan hamkorlikda 2026/2027 yilgi mavsum uchun asosiy liboslar to'plamini keng jamoatchilikka taqdim etdi. Mazkur liboslar kontseptsiyasi «qirollik klubi»ning tarixiy merosi va an'analariga bag'ishlangan.

Libosning zamonaviy ko'rinishida jamoaning ustunligi, yuqori professionalizmi hamda doimiy g'alabaga bo'lgan intilishi ramziy grafik chiziqlar vositasida aks ettirilgan.

Madridliklarning an'anaviy oq rangli futbolkasi yoqa hamda eng qismidagi to'q yashil elementlar bilan boyitilgan. Shuningdek, elka qismidan joy olgan Adidas kompaniyasining an'anaviy uch tasmasi esa to'q pushti rangda ishlangan.

Ta'kidlanishicha, professional futbolchilar uchun mo'ljallangan ushbu mahsulot eng so'nggi texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan. Bu esa uchrashuvlar vaqtida havo aylanishini yaxshilashga va sportchilar uchun maqbul haroratni saqlab turishga xizmat qiladi.