"Real" Din Xyoysenning qizil kartochkasi bo'yicha e'tiroz bildirishda davom etadi.

Madridliklar himoyachisi "Real Sosedad"ga (2:1) qarshi o'yinning 32-daqiqasida maydon markazida raqibning qarshi hujumi barbod bo'lishi natijasida qizil kartochka oldi. Uchrashuv bosh hakami Xesus Xil Mansano edi.

Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) Tartib-intizom qo'mitasi kecha "qaymoqranglilar"ning dastlabki apellyatsiyasini rad etdi.

Bugun ma'lum bo'lishicha, RFEF apellyatsiya qo'mitasi futbolchining diskvalifikatsiyasi haqidagi qarorni o'z kuchida qoldirgan. Shu tariqa, 20 yoshli futbolchi 20 sentyabr kuni "Espanol"ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi.

Biroq, COPE xabariga ko'ra, madridliklar Xyoysen ishi bo'yicha yana bir apellyatsiya beradi. Ular Ispaniya sport ma'muriy sudiga (TAD) murojaat qilishlari kutilmoqda.