«Real» va «Leyptsig» Diomand transferi bo'yicha hali kelishuvga erisha olmadi — manba

Ispaniyaning «Real» va Germaniyaning «RB Leyptsig» klublari o'rtasida Kot-d’Ivuar terma jamoasi vingeri Yan Diomand transferi bo'yicha o'tkazilgan navbatdagi muzokaralar ham yakuniy kelishuv bilan tugamadi. Bu haqda jurnalist va insayder Florian Plettenberg xabar berdi.
Manba ma'lumotiga ko'ra, bu ma'lumotni muzokaralarda ishtirok etayotgan barcha tomonlar tasdiqlagan.
Xabar qilinishicha, muzokaralar 30 iyul kuni ertalab yana davom ettiriladi. Shu bilan birga, futbolchining o'zi bilan shaxsiy shartnoma bo'yicha kelishuv o'z kuchida qolmoqda. «Real» ushbu hafta yakuniga qadar «RB Leyptsig» bilan ham to'liq kelishuvga erishib, transferni rasmiylashtirishga intilmoqda.
Qayd etilishicha, qimmatbaho transfer xavf ostida qolmasligi uchun Diomand «Leyptsig» mashg'ulotlarida cheklangan rejimda ishtirok etgan.
Avvalroq boshqa taniqli insayder Fabritsio Romano Yan Diomand «Real»ning yangi futbolchisiga aylanishini ma'lum qilgan edi. Uning ta'kidlashicha, transfer summasi 100 million evrodan oshadi.
Yan Diomand 2025 yildan buyon «RB Leyptsig» safida to'p surib kelmoqda. U 2025/2026 yilgi mavsumda barcha musobaqalarda 36 ta o'yin o'tkazib, 13 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt ma'lumotiga ko'ra, futbolchining bozor qiymati 90 million evroni tashkil etadi. Uning Germaniya klubi bilan amaldagi shartnomasi yana to'rt yilga mo'ljallangan. Shuningdek, Diomand 2026 yilgi jahon chempionatida Kot-d’Ivuar terma jamoasi safida to'rtta uchrashuvda ishtirok etib, bitta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar