«Real Madrid» yarim himoyachi Orelen Tchuamenining kelajagi borasida bir qarorga keldi. Frantsiyalik futbolchini «Manchester Yunayted» bilan bog'layotgan mish-mishlarga qaramay, Madrid klubi u bilan xayrlashish niyatida emas. «Qaymoqranglilar» Tchuamenini o'z sport loyihasining muhim qismi deb hisoblamoqda.

Foot Mercato nashrining xabar berishicha, «Real» 26 yoshli Tchuameni bilan shartnomani uzaytirmoqchi. Klub rahbariyati frantsiyalik o'yinchining ish haqini oshirish haqida o'ylamoqda.

Orelen Tchuameni 2022 yil yozida «Monako»dan transfer qilinganidan buyon «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. O'shandan beri yarim himoyachi 191 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga ettita gol va sakkizta golli uzatmani yozdirib qo'ydi.