“Real” qiynaldi, PSJ ochko yo'qotdi, MYU yutqazdi - kuchli beshlik sharhi

“Kuchli beshlik sharhi”da La Liganing 2-turi, shuningdek, Angliya, Italiya va Fransiya chempionatlarining birinchi turidagi asosiy voqealar haqida so'z yuritamiz.
La Liga: “Barselona”dan beshta gol, “Real”dan qiyin g'alaba
“Barselona” mavsumdagi ilk uchrashuvini “Elche” maydonida o'tkazib, raqibini 5:0 hisobida mag'lub etdi. Rafinya va Fermin Lopes ikkitadan gol urdi, yozda jamoaga qo'shilgan Karim Adeyemi esa La Ligadagi debyutidayoq davrozaga to'p kiritdi. Zaxiradan maydonga tushgan Entoni Gordon ikki golli uzatma bilan ajralib turdi.

Hansi Flik jamoasi birinchi o'yindayoq hujumda variantlar etarli ekanini ko'rsatdi. Yangi futbolchilar ham jamoaga tez moslashayotgandek. Faqat Gavining jarohat olib maydonni tark etgani kataloniyaliklar uchun yoqimsiz holat bo'ldi.
“Real” ham chempionatdagi birinchi o'yinini g'alaba bilan yakunladi. Joze Mourinyo jamoasi “Espanol”ni safarda 2:1 hisobida engdi. Jud Bellingem 9-daqiqada hisobni ochdi, Aleks Kalatrava esa birinchi bo'limda muvozanatni tikladi. Madridliklarga uch ochko keltirgan golni 90-daqiqada zaxiradan tushgan Karlos Espi urdi.

Natija bor, ammo “Real” uchun uch ochko osonlik bilan kelmadi. Eng muhimi, Mourinyoning almashtirishi ish berdi - debyutant Espi birinchi rasmiy o'yinidayoq jamoasini qutqardi.
“Atletiko” esa “Vilyarreal” bilan 2:2 hisobida durang o'ynadi. Robin Le Norman chetlatilganidan keyin madridliklar o'n kishi bo'lib qoldi, shunga qaramay Juliano Simeone jamoasiga bir ochko olib kelgan golni urdi.
“Sevilya” Bilbaoda “Atletik”ni 3:1 hisobida mag'lub etdi. “Betis” “Real Sosedad”dan ustun kelgan bo'lsa, “Xetafe” “Rasing”ni minimal hisobda engdi. Turning so'nggi ikki o'yinida “Osasuna” - “Levante” uchrashuvida hisob ochilmadi, “Malaga” va “Deportivo” esa 1:1 hisobida durang o'ynadi.
La Liga. 2-tur natijalari
“Rayo Valekano” 1:1 “Alaves”
“Betis” 1:0 “Real Sosedad”
“Atletik” 1:3 “Sevilya”
“Valensiya” 0:0 “Selta”
“Espanol” 1:2 “Real”
“Atletiko” 2:2 “Vilyarreal”
“Xetafe” 1:0 “Rasing”
“Elche” 0:5 “Barselona”
“Osasuna” 0:0 “Levante”
“Malaga” 1:1 “Deportivo”
APL: “MYU”da sensacion mag'lubiyat, “Chelsi” Alonso bilan g'alabali boshladi
Angliya chempionatining yangi mavsumi amaldagi chempion “Arsenal” uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Mikel Arteta jamoasi APLga qaytgan “Koventri”ni 3:0 hisobida mag'lub etdi. Kay Haverc, Bukayo Saka va Martin Edegor gol urdi.

Londonliklar mavsumni ishonchli g'alaba bilan ochdi va chempionlikni himoya qilishga tayyor ekanini dastlabki o'yindayoq ko'rsatdi.
“Manchester Siti”ning Enco Mareska boshchiligidagi birinchi o'yini esa ancha qiyin kechdi. “Bornmut” uzoq vaqt 1:0 hisobida oldinda bordi, ammo o'yin oxirida Mark Gexi hisobni tenglashtirdi, qo'shimcha vaqtda esa Yoshko Gvardiol g'alaba golini urdi - 2:1.

“Siti” uch ochkoni oldi, lekin birinchi turning o'zida yangi murabbiyga ish etarli ekani ham ko'rindi.
Turning asosiy sensatsiyalaridan biri “Manchester Yunayted” ishtirokida qayd etildi. Maykl Kerrik jamoasi APLga qaytgan “Xall Siti”ga 0:2 hisobida yutqazdi. Semi Ajayi va Nobel Mendi mezbonlarga g'alaba keltirdi. “Xall” shu tariqa “Yunayted”ni chempionatda 52 yildan keyin ilk bor mag'lub etdi.
“Liverpul” ham uch ochko bilan boshlay olmadi. “Qizillar” safarda “Nyukasl” bilan 2:2 hisobida durang o'ynadi. Dominik Soboslai qo'shimcha vaqtda penaltini aniq amalga oshirib, jamoasini mag'lubiyatdan qutqardi. “Tottenxem”ning “Brentford”ga 0:3, “Aston Villa”ning “Brayton”ga 0:4 hisobida yutqazishi ham birinchi turning kutilmagan natijalari qatoriga kirdi.

Turga “Fulxem” - “Chelsi” o'rtasidagi London derbisi nuqta qo'ydi. Xabi Alonso boshchiligidagi “Chelsi” raqibini 3:2 hisobida mag'lub etdi. Joau Pedro 31-soniyaning o'zida hisobni ochdi, yangi transfer Morgan Rojers debyut o'yinida gol urdi, Koul Palmer esa uchinchi to'pni kiritdi.
“Chelsi”ning hujum chizig'i birinchi o'yindayoq o'zini ko'rsatdi. Biroq ikki gol o'tkazib yuborilgani va o'yin oxirida “Fulxem”ga hisobni tenglashtirish imkoniyati berilgani Alonso ishlashi kerak bo'lgan jihatlar ham borligini ko'rsatdi.
APL. 1-tur natijalari
“Arsenal” 3:0 “Koventri”
“Xall” 2:0 “Manchester Yunayted”
“Nottingem Forest” 0:1 “Lids”
“Ipsvich” 2:1 “Sanderlend”
“Everton” 2:0 “Kristal Pelas”
“Brentford” 3:0 “Tottenxem”
“Manchester Siti” 2:1 “Bornmut”
“Brayton” 4:0 “Aston Villa”
“Nyukasl” 2:2 “Liverpul”
“Fulxem” 2:3 “Chelsi”
A Seriya: “Inter” va “Roma”dan to'rttadan gol
Italiya chempionatida asosiy favoritlarning aksariyati mavsumni uch ochko bilan boshladi. Amaldagi chempion “Inter” birinchi turda “Monca”ni 4:1 hisobida mag'lub qildi.
Haqan Chalhano'g'li hisobni ochdi, ammo “Monca” birinchi bo'limning o'zida javob qaytardi. Tanaffusdan keyin “Inter” o'yinni o'z qo'liga oldi. Pyotr Zelinski, Pio Espozito va Yann Bissekning gollari milanliklarga yirik g'alaba keltirdi.

“Napoli” ham mavsumni g'alaba bilan boshladi. Neapolliklar “Jenoa”ni safarda 2:0 hisobida engdi. “Milan” esa Ruben Amorim boshchiligidagi ilk rasmiy o'yinda “Torino”dan 2:1 hisobida ustun keldi. 19 yoshli Alfadjo Sisse A Seriyadagi debyutidayoq gol urdi.
“Yuventus” “Frozinone”ni minimal 1:0 hisobida engdi. Turinliklar uch ochkoni olgan bo'lsa-da, mavsumning birinchi o'yini ular uchun oson kechmadi.
Birinchi turning eng yorqin natijalaridan biri esa Rimda qayd etildi. “Roma” “Fiorentina”ni 4:0 hisobida tor-mor qildi. Doniell Malen xet-trik qayd etdi, Paulo Dibala esa uning uchala goliga ham assistentlik qildi. Yana bir golni Nikolo Pizilli urdi.
Jan Pero Gasperini jamoasi birinchi o'yindayoq hujumda juda yaxshi ko'rindi. Ayniqsa, Dibala - Malen bog'lami “Fiorentina” himoyasiga katta muammo tug'dirdi. Bir o'yindan katta xulosa chiqarishga erta, lekin “Roma”ning bunday starti chempionlik uchun kurashda ularni ham jiddiy qabul qilish kerakligini ko'rsatdi.

“Lacio” ham mavsumni uch ochko bilan boshladi - rimliklar “Bolonya”ni safarda 1:0 hisobida mag'lub etdi.
Shu tariqa A Seriyaning birinchi turida asosiy da'vogarlarning aksariyati ochko yo'qotmadi. Ammo gollar va o'yin sifati bo'yicha “Inter” bilan “Roma” boshqalardan ajralib turdi.
A Seriya. 1-tur natijalari
“Inter” 4:1 “Monca”
“Udineze” 1:1 “Komo”
“Parma” 0:1 “Kalyari”
“Jenoa” 0:2 “Napoli”
“Veneciya” 0:2 “Lechche”
“Frozinone” 0:1 “Yuventus”
“Torino” 1:2 “Milan”
“Atalanta” 2:1 “Sassuolo”
“Bolonya” 0:1 “Lacio”
“Roma” 4:0 “Fiorentina”
Liga 1: PSJ ochko yo'qotdi, “Marsel”dan yirik g'alaba
Fransiya chempionatida PSJ mavsumni g'alaba bilan boshlay olmadi. Parijliklar “Renn” bilan 2:2 hisobida durang o'ynadi.
Birinchi bo'limdan keyin “Renn” 2:0 hisobida oldinda borayotgandi. Ammo zaxiradan maydonga tushgan Ferran Torres ikkita gol urib, PSJni mag'lubiyatdan qutqardi.

“Marsel” esa mavsumni juda ishonchli boshladi. Jamoa “Strasburg”ni 4:0 hisobida mag'lub etib, dastlabki turdan keyin to'plar nisbati bo'yicha jadvalning birinchi o'rniga chiqdi.
“Lans” ham birinchi turda beshta gol urdi. Jamoa “Oser”ni 5:2 hisobida engdi, Florian Toven esa ikkita penaltini golga aylantirdi.
“Lill” safarda “Anje”ni 2:0, “Lion” “Tuluza”ni 2:0, “Monako” esa “Gavr”ni 1:0 hisobida mag'lub etdi. “Trua” - “Parij” va “Nicca” - “Loryan” uchrashuvlarida hisob ochilmadi.
Birinchi turda PSJ ochko yo'qotgan bir paytda “Marsel”, “Lans”, “Lill”, “Lion” va “Monako” uch ochkodan oldi. Albatta, chempionlik poygasi haqida gapirishga hali juda erta. Lekin PSJning asosiy raqiblari startdayoq uning xatosidan foydalandi.
Liga 1. 1-tur natijalari
“Marsel” 4:0 “Strasburg”
“Lans” 5:2 “Oser”
“Trua” 0:0 “Parij”
“Tuluza” 0:2 “Lion”
“Nicca” 0:0 “Loryan”
“Le Man” 2:2 “Brest”
“Anje” 0:2 “Lill”
“Gavr” 0:1 “Monako”
“Renn” 2:2 PSJ
Shu tariqa, mavsumning dastlabki o'yinlari favoritlar uchun turlicha kechdi. “Barselona”, “Arsenal”, “Inter” va “Roma” ishonchli g'alabalar bilan boshlagan bo'lsa, “Real” va “Manchester Siti” uch ochko uchun oxirigacha kurashishiga to'g'ri keldi. “Chelsi” yangi murabbiy bilan g'alabali start oldi, PSJ birinchi o'yindayoq ochko yo'qotdi, “Manchester Yunayted” esa mavsumni kutilmagan mag'lubiyat bilan boshladi.
Bir turdan keyin kim chempionlikka tayyor, kim tayyor emas degan xulosa chiqarish qiyin. Lekin dastlabki o'yinlarning o'ziyoq yangi murabbiylar, yozgi transferlar va tarkibdagi o'zgarishlar qaysi jamoalarda tezroq ish berayotgani haqida birinchi tasavvurni berdi.
Kommentariyalar