«Real» prezidentining «Negreyra ishi» bo'yicha aybloviga «Barselona» darvozabonidan keskin javob

«Barselona» darvozaboni Joan Garsiya «Real» prezidenti Florentino Peresning Ispaniyadagi hakamlik borasida aytgan gaplariga munosabat bildirdi.
Eslatib o'tamiz, «Real» prezidenti «Negreyra ishi» haqida gapira turib: «Barsa» «Real»dan adolatsiz ustunlikka ega bo'lish uchun hakamlar hisobotlariga pul to'lagan. O'sha hakamlar hali ham ishlashmoqda. Ular joriy mavsumda bizdan 16-18 ochkoni tortib olishdi», — deb bayonot bergan edi.
«La Ligani, undagi barcha o'yinlarni kuzatgan har qanday inson bu gaplar haqiqatga to'g'ri kelmasligini yaxshi biladi.
Biz xotirjammiz va «El-Klasiko»dan so'ng bizga topshirilgan [La Liga] kubogidan xursandmiz», — dedi Garsiya EFE axborot agentligiga bergan intervyusida.
Ma'lumot uchun, «Barselona» joriy mavsumda muddatidan oldin Ispaniya chempioniga aylandi — kataloniyaliklar hisobida 37 turdan so'ng 94 ochko bor. 83 ochko jamg'argan «Real Madrid» esa mavsumni ikkinchi o'rinda yakunlaydi.