«Real» Pas borasidagi qarorini o'zgartirdi

Madridning «Real» klubi «Komo» yarim himoyachisi Nikolas Pasni qayta sotib olish optsiyasini faollashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda taniqli jurnalist Djanluka Di Martsio xabar bermoqda.
Avvalroq «Real» Bernardu Silva transferidan so'ng Pasni ortga qaytarmasligi katta ehtimol ekanligi haqida xabar berilgan edi. Bundan tashqari, argentinalik futbolchining o'zi ham «qaymoqranglilar» lageriga qaytishni istamayotgan edi.
Biroq, manbaning ta'kidlashicha, endilikda «Real» 21 yoshli yarim himoyachining shartnomasini sotib olishga qat'iy qaror qilgan. Shu bilan birga, futbolchi Madridda qolishi amrimahol. Klub rahbariyati ushbu transfer orqali yaxshigina daromad ishlab olish maqsadida uni Angliya Premer-ligasi klublaridan biriga sotib yuborish variantini ko'rib chiqmoqda.
Yakunlangan mavsumda Pas barcha musobaqalarda jami 40 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani o'z hisobiga yozdirib qo'ydi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar