«Real»ning Valverde qizil kartochkasi bo'yicha apellyatsiyasi rad etildi

«Real» yarim himoyachisi Federiko Valverdening maydondan chetlatilishi bo'yicha berilgan apellyatsiya rad etildi. Urugvaylik xavbek La Liganing yakshanba kuni bo'lib o'tgan o'yinida «Atletiko» futbolchisi Aleks Baenaga nisbatan qo'pol fol ishlatgani uchun to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka olgan edi.
Hakamlar texnik qo'mitasi (CTA) Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF)ga bosh hakam Xose Luis Munuera Monteroning qarori to'g'ri bo'lganini ma'lum qildi. Shundan so'ng Valverdening jazosi masalasi Intizom qo'mitasida ko'rib chiqish uchun yuborildi. «Real» apellyatsiya berib, futbolchi to'pga o'ynashga uringani, ammo mo'ljalni noto'g'ri olganini ta'kidladi. Biroq Intizom qo'mitasi bu fikrga qo'shilmadi va Munuera Monteroning qarorini qo'llab-quvvatladi.
Diario AS xabariga ko'ra, Valverde bir o'yinga diskvalifikatsiya qilindi. Agar uning harakati jiddiy qoidabuzarlik sifatida baholanganida, u ikki o'yinga chetlatilishi mumkin edi.
Ushbu qarorga ko'ra, Valverde xalqaro tanaffusdan keyin «Real»ning ilk o'yini — «Malorka»ga qarshi safar bahsini o'tkazib yuboradi.