Transfermarkt portali Ispaniya La Ligasi futbolchilarining bozor qiymatini yangiladi. Yangilangan ma'lumotlarga ko'ra, Madridning “Real” klubi etakchilaridan uch nafari — Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Federiko Valverdening transfer bahosi sezilarli darajada kamaygan.

Qayd etilishicha, ushbu futbolchilarning umumiy transfer qiymati 70 million evroga pasaygan.

Eng katta yo'qotish urugvaylik yarim himoyachi Federiko Valverdeda kuzatildi. 27 yoshli futbolchining narxi 30 million evroga tushib, ayni paytda 90 million evro etib belgilangan.

Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappening transfer qiymati esa 20 million evroga kamaydi. Natijada 27 yoshli futbolchining bahosi 180 million evroni tashkil qilmoqda. Shunga qaramay, Mbappe hanuz dunyoning eng qimmat futbolchilari qatoridan joy olgan.

Shuningdek, braziliyalik vinger Vinisius Junior ham narxi pasaygan futbolchilar safidan o'rin oldi. 25 yoshli futbolchining transfer bahosi 10 million evroga kamayib, hozirda 140 million evroga teng. Bundan tashqari, angliyalik yarim himoyachi Jud Bellingem ham 10 million evroga arzonlagan.



Mutaxassislar fikricha, “Real Madrid” etakchilarining transfer qiymati pasayishiga jamoaning o'tgan mavsumdagi natijalari hamda futbolchilarning individual ko'rsatkichlari ta'sir ko'rsatgan.

Ma'lumot uchun, yakunlangan mavsum “qirollik klubi” uchun omadsiz kechdi. Jamoa La Ligada ikkinchi o'rinni egalladi, UEFA Chempionlar Ligasi bilan chorak final bosqichida xayrlashdi. Shuningdek, Ispaniya Kubogida ham kutilgan natijani qayd eta olmadi.

Biroq futbolchilarning umumiy transfer qiymati bo'yicha “Real Madrid” La Ligada etakchilik qilmoqda. “Qirollik klubi” futbolchilarining bozor narxi 1,22 milliard evroga baholangan. Keyingi o'rinlarda “Barselona” (1,16 mlrd evro) va “Atletiko Madrid” (577 mln evro) jamoalari qayd etilgan.

Manba: daryo.uz