“Real Madrid” UEFAni sudga berib, 4,5 mlrd evro tovon puli talab qilmoqchi

“Real Madrid” Evropa futbol uyushmasi (UEFA)dan 4 milliard evrodan ortiq miqdorda tovon puli talab qilmoqchi. Klub Evropa Superligasi loyihasi bekor qilingani sabab katta moliyaviy zarar ko'rganini bildirmoqda.
Financial Times nashriga ko'ra, “Real Madrid” mutaxassislari tayyorlagan hujjatlarda klub 2021-yildan beri UEFA qarori tufayli 4,5–4,7 milliard evroga teng daromaddan mahrum bo'lgani qayd etilgan. Bu hisob-kitoblarga stadiondan tushadigan pullar, teletranslyatsiya va reklama daromadlari kiritilgan.
Klubga yaqin manbalarning aytishicha, “Real Madrid” tez orada sudga 4 milliard evrodan ortiq miqdorda rasmiy da'vo kiritadi.
Bu voqea Madrid viloyati sudining UEFA, La Liga va Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) shikoyatini rad etganidan so'ng yuz berdi. Sud UEFA to'rt yil avval Superliga loyihasini to'xtatib, o'z mavqeini suiiste'mol qilgan degan qarorga keldi.
Superliga dastlab 20 ta klubdan tashkil topishi rejalashtirilgan, ulardan 15 tasi, jumladan “Real Madrid”, doimiy a'zo sifatida qatnashishi kerak edi. Biroq loyiha jamoatchilik va siyosatchilarning keskin noroziligidan so'ng e'lon qilinganidan 72 soat o'tmay to'xtatildi.
Keyinchalik loyihani yuritgan A22 Sports Management kompaniyasi uni “Unify Legaue” deb qayta nomlab, ochiq raqobat tarafdori ekanini bildirgan.
“Real Madrid” sud qarorini klub foydasiga deb baholadi va UEFA Evropa qonunlarini jiddiy ravishda buzganini ta'kidladi. Klub bu holat tovon puli undirish uchun huquqiy asos bo'lishini ma'lum qildi. 2023 yil dekabr oyida Evropa Ittifoqi sudi ham UEFA klublar va futbolchilarga Superligaga qo'shilgan taqdirda sanktsiya qo'llash bilan tahdid qilgani noqonuniy ekanini e'tirof etgan edi.