"Real" ketma-ket to'rtinchi mavsum safarda "Rayo Valekano"ni mag'lub eta olmadi

9 noyabr kuni Madridning "Real" klubi La Liganing 12-turida "Rayo Valekano" mehmoni bo'ldi va 0:0 hisobida durang qayd etdi.
"Qirollik klubi" bu safar ham "Valekas"da g'alaba qozona olmadi: so'nggi to'rt mavsumda - uch durang va bir mag'lubiyat. "Qaymoqranglilar" so'nggi bor 2022 yilning 26 fevralida "Rayo Valekano" mehmoni bo'lib, g'alaba qozongan edi.
Madrid klubi 12 ta o'yindan so'ng 31 ochko jamg'arib, Ispaniya chempionati jadvalida 1-o'rinda bormoqda. Jamoaning navbatdagi o'yini 23 noyabr kuni bo'lib o'tadi - Xabi Alonso jamoasining raqibi "Elche" bo'ladi.