"Real" himoyachisi Karreras jarohatiga izoh berdi

Madridning "Real" klubi chap qanot himoyachisi Alvaro Karreras "Levante"ga qarshi o'yindan keyingi holati haqida gapirdi.
22 yoshli futbolchi "qaymoqranglilar" safida asosiy tarkibda maydonga tushdi va 82-daqiqagacha o'ynadi, shundan so'ng uning o'rniga David Alaba maydonga tushdi. Birozdan so'ng ispaniyalik futbolchining zaxira o'rindig'ida oyog'iga muz bog'lab o'tirgani "Real" muxlislarini xavotirga soldi.
"Mening jarohatim? Men yaxshiman, men yaxshiman," - deya Karrerasning javobini keltiradi Madrid Universal.
"Real" "Levante" ustidan 4:1 hisobida g'alaba qozondi. Gollarga Vinisius Junior, Franko Mastantuono va Kilian Mbappe (dubl) mualliflik qildi.