“Real” futbolchisi qishda jamoadan ketmaydigan bo'ldi — Romano

Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi Franko Mastantuono 2025/26-yilgi mavsumning ikkinchi qismida jamoani tark etmaydi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o'zining X (sobiq Twitter) sahifasida xabar berdi.
Manbaga ko'ra, madridliklar bosh murabbiyi Xabi Alonso hamda klub rahbariyati Mastantuononi loyihaning muhim futbolchilaridan biri sifatida ko'rmoqda.
Avvalroq OAVda argentinalik futbolchi Jahon chempionatiga Argentina terma jamoasi safida borish imkoniyatini oshirish uchun ijaraga ketishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, “Napoli” futbolchi uchun 45–50 million evro to'lashga tayyor ekani aytilgandi.
Mastantuono 2025 yil avgustidan buyon “Real” safida to'p surmoqda. Madrid klubi uning transferi uchun “River Pleyt”ga 45 million evro to'lagan. Hozirgacha u barcha musobaqalar doirasida 14 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 1 gol va 1 golli uzatma yozdirib qo'ygan. Transfermarkt portali ma'lumotiga ko'ra, futbolchining bozor qiymati 50 million evroni tashkil etadi.