«Real» safida klub rahbariyatidan yulduz futbolchini sotib yuborishni so'rayotgan o'yinchilar bor. Gap yarim himoyachi Federiko Valverde haqida ketmoqda, u o'tgan haftada Orelen Tchuameni bilan jiddiy mojaroga borgan edi.

Jurnalist Ramon Alvares de Monning xabar berishicha, Valverdeni sotishni talab qilayotgan futbolchilar kiyinish xonasida katta nufuzga ega. Qayd etilishicha, «Real» rahbariyati uchun bu ancha nozik masala, chunki Valverde jamoa sardorlari guruhiga kiradi va alohida maqomga ega.

27 yoshli Federiko Valverde Transfermarkt portali tomonidan 120 million evroga baholangan. Urugvaylik futbolchining amaldagi shartnomasi 2029 yilning o'rtalarigacha mo'ljallangan.