«Real» fanatlari «Betis» bilan durangdan so'ng futbolchilarni keskin tanqid qilishdi

Madridning «Real» klubi muxlislari jamoaning La Ligadagi navbatdagi muvaffaqiyatsizligidan so'ng o'z noroziliklarini yashirib o'tirmadilar. Juma kuni «qaymoqranglilar» so'nggi daqiqalarda gol o'tkazib yuborib, «Betis»ni mag'lub eta olmadilar (1:1). The Touchline nashrining El Chiringuito’ga tayanib xabar berishicha, uchrashuv yakunlangach, ayrim muxlislar futbolchilarga ochiqchasiga e'tiroz bildirishgan: «Uyalmaysizlarmi, yuzingizni ko'rsatinglar!» — deya hayqirgan fanatlar.
«Real» chempionat yakuniga besh tur qolganda chempionlik imkoniyatlarini deyarli qo'ldan chiqardi: turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan «Barselona» bilan oradagi farq sakkiz ochkoni tashkil etmoqda, buning ustiga kataloniyaliklarda bitta zaxira o'yini ham mavjud.