Madridning «Real» klubi yarim himoyachi Eduardo Kamavinganing transferi bo'yicha o'z shartlarini ma'lum qildi. Bu haqda Defensa Central nashri xabar berdi.

Manbaning ta'kidlashicha, «qirollik klubi» rahbariyati frantsiyalik futbolchini 70 million evro evaziga qo'yib yuborishga tayyor. Ayni paytda Kamavingaga Frantsiyaning «PSJ» klubi hamda Angliya Premer-ligasining bir qator jamoalari tomonidan jiddiy qiziqish bildirilmoqda.

Ma'lumot uchun, Eduardo Kamavinga joriy mavsumda «Real» safida barcha musobaqalarda 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 2 ta gol va 1 ta golli uzatmani yozdirib qo'ygan. 21 yoshli futbolchining madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo'ljallangan.