Dortmundning «Borussiya» klubi himoyachisi Niko Shlotterbek «Real»ga o'tishi mumkin. Bu haqda jurnalist Xose Feliks Dias xabar bermoqda.

Manbaning bergan ma'lumotlariga ko'ra, Madrid klubi hali hamon germaniyalik futbolchini sotib olish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda. Futbolchining o'zi ham «Real»ga o'tishga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Ushbu bitimni amalga oshirish ancha oson kechishi kutilyapti. Gap shundaki, Shlotterbek joriy yilda «Borussiya» bilan yangi shartnoma imzolagan bo'lib, unga ko'ra futbolchini 60 mln evro evaziga sotib olish bandi kiritilgan. Shuningdek, «Real»ning Germaniya klubi bilan munosabatlari yaxshi ekani ham transferni rasmiylashtirishga yordam beradi.