«Real» prezidenti Florentino Peres navbatdagi bor «Negreyra ishi» deb nomlangan mavzuga to'xtalib o'tdi. Gap «Barselona»ning Hakamlar texnik qo'mitasi sobiq vitse-prezidentiga amalga oshirgan to'lovlari yuzasidan olib borilayotgan surishtiruvlar haqida bormoqda.

«Yaqinda biz «Negreyra ishi» haqida xabar topdik. Bu aql bovar qilmaydigan vaziyat. Bu korruptsion ish. Futbol tarixidagi eng yirik mojaro. «Barselona» ikki o'n yillik davomida hakamlik uchun pul to'lab kelgan va o'sha hakamlar hali ham faoliyat yuritmoqda. Biz darhol UEFAga tegishli hujjatlarni yuboramiz, chunki bu holat tekshirilishi shart. La Liga — bizning abadiy dushmanimiz. «Barselona» bilan bog'liq «Negreyra ishi»da tizimli korruptsiya mavjud. Ammo biz kurashamiz. Biz UEFAga yuborish uchun 500 sahifalik hujjat tayyorlayapmiz», — dedi Peres matbuot anjumanida.

Eslatib o'tamiz, «Real» 2025/2026 yilgi mavsumni sovrinsiz yakunlamoqda. Yozda klub bosh murabbiyni almashtirishi kutilmoqda.