«Real» 18 yoshli iqtidor uchun Jahon chempionatiga o'z skautlarini yubordi

Madridning «Real» klubi vakillari Jahon chempionati — 2026 guruh bosqichi 2-turidan o'rin olgan Shotlandiya va Marokash terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuvga tashrif buyurishdi. Bu haqda Diario AS nashri jurnalisti Ruben Martin xabar bermoqda.
Manbaning ma'lum qilishicha, klub skautlari klub miqyosida Frantsiyaning «Lill» jamoasi sharafini himoya qilayotgan 18 yoshli marokashlik yarim himoyachi Ayyub Buaddining o'yinini bevosita stadiondan kuzatishgan. Shotlandlarga qarshi kechgan va marokashliklarning 1:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlangan bahsda yosh xavbek to'liq 90 daqiqa harakat qildi.
Yakunlangan 2025/26 yilgi mavsumda Buaddi «Lill» safida jami 42 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 1 ta golli uzatmani yozdirib qo'ygan edi.
Transfermarkt portali berayotgan ma'lumotlarga ko'ra, ayni paytda yosh yarim himoyachining transfer bozoridagi bahosi 50 million evroni tashkil etmoqda.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar