Rayya EChLda 20 yillik natijani yangilashi mumkin

Londonning «Arsenal» klubi darvozaboni David Rayya navbatdagi bor jamoasining Chempionlar ligasidagi darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga yordam berdi.
Chorshanba kuni «kanonirlar» o'z maydonida Lissabonning «Sporting» jamoasi bilan 0:0 hisobida durang o'ynab, yarim finalga yo'l oldi. Birinchi uchrashuvda ham londonliklar gol o'tkazib yubormagan edi — 1:0. Shu tariqa, Rayya hisobidagi EChL joriy mavsumidagi «quruq» o'yinlar soni 8 taga etdi va bu klub rekordining takrorlanishidir. Bungacha yagona rekordchi Yens Lemann hisoblanardi — u 2005/06 yilgi mavsumda 8 ta bahsda darvozasi daxlsizligini saqlagan. Ta'kidlash joizki, o'shanda, bundan 20 yil avval, «Arsenal» finalgacha etib borib, «Barselona»ga imkoniyatni boy bergandi (1:2).
Bu safar «to'pchilar» final yo'llanmasi uchun Madridning «Atletiko» klubi bilan bahslashadi. Yana bitta «quruq» o'yin David Rayyani mutlaq rekordchiga aylantiradi.