Rays Xyurtselerning tanqidlariga javob qaytardi

Londonning «Arsenal» klubi yarim himoyachisi Deklan Rays jamoa sha'niga aytilayotgan tanqidlar borasida o'z fikrini bildirdi.
Joriy mavsumda «kanonirlar» haddan tashqari pragmatik va tomoshabop bo'lmagan o'yin uslubi uchun tez-tez tanqid qilinmoqda. Yaqinda «Brayton» murabbiyi Fabian Xyurtseler ham bu borada o'z fikrlarini ochiq-oydin bayon etgan edi.
«Bunday shov-shuvlar har hafta ko'tariladi — men «Arsenal»ga kelgan ilk kunlarimdanoq shunday bo'lib kelgan. Bunday maqomdagi klubda o'ynar ekansan, bundan qochib bo'lmaydi. Chiroyli g'alaba qozonasanmi yoki yo'q — buning ahamiyati yo'q, eng muhimi — g'alabaga erishish. Biz nimaga intilayotganimizni yaxshi bilamiz», — deya ingliz OAVlari Raysning so'zlarini keltirmoqda.
Shanba kuni Mikel Arteta shogirdlari Angliya kubogi doirasida «Mansfild Taun»ga qarshi maydonga tushishadi.