2026-yilgi U-23 Osiyo kubogi saralash bosqich “E” guruhi uchrashuvlari oldidan jamoalar bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Ravshan Haydarov — O'zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi:

— Avvalo, saralash bosqichi ishtirokchilarini samimiy qutlayman. Ushbu turnir yuqori darajada tashkil etilishiga ishonaman. Umid qilamanki, o'yinlar tomoshabop o'tadi, g'alaba esa eng kuchli jamoaga nasib etadi.

Shuningdek, Qirg'iz Respublikasi futbol ittifoqiga yuqori darajadagi tashkilotchilik uchun minnatdorlik bildiraman.

Jamoamiz turnirga belgilangan reja asosida puxta tayyorgarlik ko'rdi va musobaqaga jangovor hamda jismoniy jihatdan yaxshi holatda etib keldi.

Tarkib haqida

— Yoshlar terma jamoalaridagi davr futbolchilarimiz uchun milliy jamoaga o'tish bosqichi hisoblanadi. Bir qator futbolchilar allaqachon asosiy terma jamoa safida maydonga tushmoqda. Biz ularni yana U-23 jamoasiga jalb etmaslikka harakat qilamiz va buni to'g'ri yondashuv, deb hisoblayman. Chunki milliy jamoaga futbolchilarni etkazib berish oldimizdagi asosiy vazifalardan biri.

Shu bois biz yangiliklar yaratishga intilayapmiz. Yosh futbolchilar asta-sekin milliy terma jamoaga o'tish imkoniyatiga ega bo'lmoqda. Masalan, ilgari yoshlar safida o'ynagan Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullaev bugun milliy terma jamoada o'z o'rniga ega. Bizning asosiy maqsadimiz ham shunday, iste'dodli yosh futbolchilarga imkoniyat yaratib berishdir.

Manba: https://t.me/FAUzbekistan