Ravshan Ermatov OFK konferentsiyasida ishtirok etadi

Joriy yilning 17–19 oktyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Osiyo Futbol Konfederatsiyasiga a'zo assotsiatsiyalar va mintaqaviy assotsiatsiyalar prezidentlari hamda bosh kotiblari konferentsiyasi o'tkaziladi. Unda tashkilotga a'zo mamlakatlar qatorida O'FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va bosh kotib Avaz Maksumov ishtirok etadi.
Tadbirda FIFA Prezidenti Janni Infantino, OFK Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa, shuningdek, tashkilotga a'zo mamlakatlar qatorida, UEFA va Okeaniya Futbol Konfederatsiyasi vakillari ham qatnashadi.
“Global futbol ekspertlari bilan ochiq muloqot va tajriba almashish orqali biz o'z assotsiatsiyalarimizga zamonaviy usullarni joriy etishga yordam beramiz. Osiyo futboli yanada yorqin, barqaror va jahon miqyosida namunali konfederatsiyaga aylanmoqda”, deya qayd etgan OFK rahbari.
Konferentsiya doirasida ikki ochiq muloqot sessiyasi ham o'tkaziladi — biri a'zo assotsiatsiyalar vakillari bilan, ikkinchisi esa besh mintaqaviy futbol assotsiatsiya (ASEAN, CAFA, EAFF, SAFF va WAFF) bosh kotiblari ishtirokida bo'lib o'tadi.
Ushbu anjuman hamkorlikni yanada mustahkamlash, innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash va yagona maqsad yo'lida birlikni kuchaytirishni maqsad qilgan. Bu, o'z navbatida, OFKning dunyodagi eng ilg'or konfederatsiyalardan biriga aylanish yo'lidagi qat'iy niyatini yana bir bor tasdiqlaydi, deyiladi rasmiy xabarda.
Tadbir 17 oktyabr kuni boshlanadi va u OFKning YouTube sahifasida jonli efirda namoyish etib boriladi.