Rasman. Rossiya klublari 2026/27 yilgi evrokuboklarda ishtirok etmaydi

Rossiya klublari 2026/27 yilgi mavsum uchun evrokuboklar ishtirokchilari ro'yxatiga kiritilmadi. Bu haqda Evropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) hujjatlarida ma'lum qilindi.
«UEFA Ijroiya qo'mitasi Rossiya milliy terma jamoalari va klublarining UEFA musobaqalarida ishtirok etishiga nisbatan amaldagi chetlatish choralari saqlanib qolayotgani munosabati bilan 2026/27 yilgi mavsum ishtirokchilari ro'yxatiga o'zgartish kiritdi. Shuningdek, ishtirokchilar ro'yxati musobaqalar natijalari, ya'ni chempionlikka erishgan jamoalar va Evropa ustuvorlik tizimi asosidagi taqsimotlarga ko'ra ham yangilandi», — deyiladi tashkilot bayonotida.
Yakunlangan mavsum natijalariga ko'ra, Rossiya UEFA koeffitsientlari jadvalida 28-o'rinni egallagan va nazariy jihatdan evrokuboklarda qatnashish uchun to'rtta klubni taqdim etish huquqiga ega edi.
Eslatib o'tamiz, 2022 yil fevral oyidan buyon Rossiya klublari va milliy terma jamoalari UEFA hamda FIFA musobaqalaridan chetlatilgan.